Mashhur amerikalik xonanda Teylor Svift yana bir bor saxiyligi bilan jamoatchilik e’tiborini tortdi. U AQSh bo‘ylab millionlab odamlarga oziq-ovqat yetkazib berishga yordam beradigan Feeding America notijorat tashkilotiga 1 million dollar xayriya qildi.

Feeding America — bu oziq-ovqat banklari, oziq-ovqat tarqatish punktlari va mahalliy ovqatlanish dasturlarini birlashtirgan yirik tarmoq bo‘lib, u har yili 46 milliondan ortiq amerikalikni oziq-ovqat bilan ta’minlaydi. Tashkilot vakillari ushbu xayriya haqida 23-dekabr kuni rasman ma’lum qilishdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bir necha bor “Gremmi” mukofotiga sazovor bo‘lgan Teylor Svift bu yirik xayriyani Rojdestvo bayrami arafasida amalga oshirgan. Ushbu mablag‘ bayram kunlarida va undan keyingi davrda minglab oilalarga yordam berishga xizmat qiladi.
Xonandaning bu kabi xayriyalari yangilik emas. U avval ham tabiiy ofatlar, ijtimoiy muammolar va kam ta’minlangan qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash uchun turli xayriya loyihalarida ishtirok etgan. Sviftning navbatdagi bu saxiy qadami muxlislari va jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, mashhur shaxslarning bunday tashabbuslari jamiyatda mehr-oqibat va o‘zaro yordam ruhini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

