Reper Bed Banni “Puerto Riko” filmida bosh rolni ijro etadi
Puerto-rikolik mashhur reper Bed Banni faoliyatida yangi bosqichni boshlamoqda. U ilk bor to‘liq metrajli filmda bosh qahramon sifatida suratga tushadi. Bu haqda CBS News xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, reper “Puerto Riko” nomli kartinada bosh rolni ijro etadi. Film Karib mintaqasiga oid epik tarixiy drama va vestern janrida suratga olinadi. Loyiha Puerto-Riko tarixi va madaniyatiga bag‘ishlangan bo‘lib, milliy o‘zlik, erkinlik va kurash mavzularini yoritishi kutilmoqda.
Kartina rejissyori — Bed Bannining yaqin do‘sti, mashhur musiqachi va ijodkor Rene Perez Joglar. U ko‘proq Rezident taxallusi bilan tanilgan. Ijodkorlar ushbu loyiha orqali Puerto-Riko tarixini global auditoriyaga yetkazishni maqsad qilgan.
Bed Banni so‘nggi yillarda nafaqat musiqa, balki moda va kino sohasida ham faol ishtirok etib kelmoqda. U avvalroq bir nechta film va seriallarda epizodik rollarda ko‘ringan bo‘lsa-da, bu safar ilk bor bosh qahramon obrazini yaratadi.
Fevral oyida reperning chiqishi AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan tanqid qilingan edi. Bed Banni Super Bowl tanaffus-shousida sahnaga chiqib, ispan tilida ijro qilgan. Shou Kaliforniyadagi Levi’s Stadium stadionida bo‘lib o‘tgan.
Shunga qaramay, reperning ijodi va sahnadagi chiqishlari global miqyosda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Endilikda esa muxlislar uni katta ekranlarda bosh rol ijrochisi sifatida ko‘rish imkoniga ega bo‘lishadi.

