Janubiy koreyalik mashhur rejissyor Pak Chxan Uk 2026-yilda bo‘lib o‘tadigan Kann kinofestivalining hakamlar hay’ati raisi etib tayinlandi. Bu qaror kino olamida katta qiziqish bilan kutib olindi.

“Oldboy” (“Qari bola”) filmi orqali jahon miqyosida shuhrat qozongan hamda “Decision to Leave” (“Ketish to‘g‘risidagi qaror”) kartinasi bilan yirik mukofotlarga sazovor bo‘lgan rejissyor festival tarixida ushbu lavozimni egallagan ilk koreyalik bo‘ldi. Shuningdek, u Tetsuro Furukaki va Vong Karvaydan keyin “Kann” hakamlar hay’atiga raislik qilgan uchinchi osiyolik sifatida tarixga kirdi.
Pak Chxan Uk o‘zining noan’anaviy uslubi, kuchli dramatizm va vizual estetikasi bilan tanilgan. Uning filmlari ko‘pincha murakkab psixologik qatlam, axloqiy tanlov va insoniy ziddiyatlarni chuqur tahlil qilishi bilan ajralib turadi. Aynan shu jihatlar uni xalqaro kino maydonida o‘ziga xos ovozga aylantirgan.
2026-yilgi “Kann” kinofestivali 12–23-may kunlari Fransiyada bo‘lib o‘tadi. Festival doirasida asosiy tanlov dasturidagi filmlar “Oltin palma novdasi” uchun kurashadi. Hakamlar hay’ati raisi sifatida Pak Chxan Uk g‘oliblarni aniqlashda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Kino mutaxassislari fikricha, uning rais etib tayinlanishi Osiyo kinosining global maydondagi ta’siri tobora kuchayib borayotganining yana bir isbotidir.

