“Oskar-2025” mukofotlari 2-mart kuni Kaliforniyaning Los-Anjeles shahridagi mashhur “Dolby” teatrida o‘z egalarini topdi. Ushbu marosimga ilk marta boshlovchilik qilgan Konan O’Brayen o‘tkir hazil va qiziqarli nutqi bilan tomoshabinlarni hayratda qoldirdi. Undan oldin esa Sintiya Erivo va Ariana Grande tomoshabinlarga “Yovuz” filmining saundtrekini ijro etishdi. 97-Akademiya mukofotlarining eng e’tiborga ahamiyatli tomoni shundaki, unda adolatsizliklar kuzatilmadi. Deyarli barcha “Oskar” mukofotlari marosimning ko‘p ovoz yig‘gan nomzodlariga yoki yetakchi da’vogarlarga nasib etdi. Avvaldan bashorat qilingan g‘oliblar taqdirlash marosimidan oldinroq e’lon qilinadi. Marosimning yaqqol g‘oliblari 6 ta nominatsiyada 5 ta Oskarni qo‘lga kiritgan “Anora” filmi bo‘ldi. “Eng yaxshi ikkinchi darajali erkak roli” nominatsiyasida Kiran Kalkin “Haqiqiy ogʻriq” (“A Real Pain”) filmidagi ijrosi uchun gʻolib boʻldi. Mukofotni 2024-yilda ushbu nominatsiyada Oskar yutgan Robert Dauni topshirdi.
Shuningdek, Edrian Broudi 22 yildan so‘ng “Brutalist” filmi bilan ikkinchi marta “Eng yaxshi aktyor” mukofotini qo‘lga kiritdi. Zoi Saldana “Emiliya Peres” filmidagi roli orqali bosha davogarlarni ortda qoldirdi va ilk marta “Ikkinchi darajali eng yaxshi aktrisa” nominatsiyasini qo‘lga kiritdi.
Biroq, har bir Oskar marosimida bo‘lgani kabi, bu kechada ham kutilmagan hodisalar va syurprizlar yuz berdi. “Oskar” mukofotlarini topshirish marosimining eng katta syurprizlari…
- Mayki Medison mavsumning boshqa mukofotlarini qo‘lga kiritgan Demi Murni ortda qoldirdi
Demi Murning “Substansiya” filmidagi jasur ijrosi unga “Oskar” mukofotini olib kelishi kutilayotgan edi. Ayniqsa, “Oltin Globus”, “SAG” va “Tanqidchilar Tanlovi”da g‘olib bo‘lishi uni “Eng yaxshi aktrisa” yo‘nalishida mutloq g‘olibaga aylantirgandi. Lekin Mayki Medisonning ijrosi “Eng yaxshi film” nominatsiyasini ham qo‘lga kiritgan “Anora” filmi marosimga o‘z muhrini urishiga sabab bo‘ldi.
- “Hamon shu yerdaman” filmi “Emiliya Peres” filmini ortda qoldirib “Eng yaxshi xalqaro film” deb tanlandi
13 ta nomzodlik bilan “Emiliya Peres” filmi tanlovning eng kuchli nomzodi sifatida ko‘rilayotgan edi. Lekin Braziliya harbiy diktaturasi davrida yo‘qolib qolgan, turmush o‘rtog‘ini topish uchun yillar davomida adolat izlagan Yunis Paiva haqidagi hayotiy hikoyaga asoslangan “Hamon shu yerdaman” filmi faqat 3 ta yo‘nalishda nomzodlikka erishgan edi. Statistikalarga ko‘ra, “Emiliya Peres” filmining mukofotni qo‘lga kiritish ehtimoli yuqoriroq edi, ammo kutilmaganda “Hamon shu yerdaman” filmi g‘alaba qozondi.
- “Oqim” animatsion filmi “Eng yaxshi multfilm” mukofotini qo‘lga kiritdi
Kam budjetli Latviyaning multfilmi bo‘lgan “Oqim” animatsion filmi tanqidchilar tomonidan yuqori baholangan edi, lekin mukofotni qo‘lga kiritishi kutilmagan bo‘ldi. Chunki nomzodlar orasida madaniy ta’siri ancha yuqori bo‘lgan “Yovvoyi Robot” va kassalarda rekord o‘rnatgan “Boshqotirma” ham bor edi.
- Dayan Uorrenning mag‘lubiyatlar seriyasi davom etmoqda
Bastakor va soʻz muallifi Dayan Uorren 16-marta “Eng yaxshi soundtrek” nominatsiyasida “Oskar”ga nomzod boʻldi, lekin u yana yutqazdi. 68 yoshli Uorren Netflixning “Qo‘riqxona” filmidagi “Til It Happens to You” qo‘shig‘i bilan nomzodlar qatoriga kirdi. Mukofot “Emiliya Peres”dagi “El Mal” qo‘shig‘iga berildi. 2025-yilgi ushbu marosim Uorrenning ushbu toifadagi ketma-ket 8-nominatsiyasi bo‘ldi.
- Shon Beyker “Eng yaxshi montaj” nominatsiyasiga loyiq deb topildi
“Anora” filmining ssenariy muallifi va rejissyori Shon Beyker bu filmni o‘zi montaj qilgan. U bu mukofot ko‘proq statik hikoyaga ega bo‘lgan “Konklav” filmiga berilishini tahmin qilgan edi. Lekin “Anora” filmidagi jo‘shqin ritm va montajning filmni muvozanatda ushlab turishdagi muvaffaqiyati mukofotni Beykerga berilishini ta’minladi.
- Mishel Traxtenberg va Toni Todd unutildi
Har yili bo‘lgani kabi, ba’zi muhim ismlar marosimda tilga olinmadi. “Oskar” mukofotlarini topshirish marosimida ijtimoiy tarmoqlarda noroziliklarga sabab bo‘lgan “Vampir qotili Baffi” va “G‘iybatchi qiz” kabi mashhur seriallardagi rollari bilan tanilgan Mishel Traxtenberg va “Shakar odam” dahshatli seriali bilan mashhur Toni Todd ismlari jaranglamadi.
- “Emiliya Peres” filmi “Oskar” mukofoti tarixidagi eng ko‘p yutqazganlar qatoriga kirdi
Film ikkita mukofotni qo‘lga kiritdi, ammo 11 ta yo‘nalish bo‘yicha mukofotni qo‘ldan boy berdi va bu “Oskar” tarixidagi eng ko‘p mukofotni boy berganlar qatoriga kirdi. Bu holat “Itning kuchi”, “Binafsha rang”, “Burilish nuqtasi” kabi filmlarda ham sodir bo‘lgan edi.
- AQShda namoyish etilmagan “Boshqa yer yo‘q” filmi “Eng yaxshi hujjatli film” mukofotini qo‘lga kiritdi
“Oskar” mukofoti ovoz beruvchilari ushbu filmni faqat maxsus namoyishlarda tomosha qilish imkoniga ega bo‘lishdi. Shunga qaramay, AQShda rasmiy tarqatilmagan bir filmning bunday katta mukofotni qo‘lga kiritishi juda noodatiy holat sifatida baholandi.
Falastinlik va isroillik kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan “Boshqa yer yo‘q” filmi g‘arbiy sohildagi Falastin qishloqlarining bo‘shatilishi mavzusini yoritadi. Film o‘tgan yili Berlin kinofestivalida ham mukofotga sazovor bo‘lgan edi.