Dekabr boshida onlayn-kinoteatr Netflix Warner Bros. Discovery kompaniyasini 82,7 mlrd dollarga sotib olishini e’lon qilgandi. Bu kelishuv kino sanoati tarixidagi eng yirik bitimlardan biriga aylanishi va butun industriya uchun sezilarli ta’sir ko‘rsatishi kutilayotgandi.
Biroq oradan bir yarim oy o‘tib, bitim bekor qilindi. Vaziyatga Gollivudning yana bir yirik studiyasi — Paramount Pictures aralashdi. Devid Ellison kompaniyasi WB uchun yanada jozibador taklif — har bir aksiya uchun 31 dollar taklif qildi. Netflix rahbariyati auksionda qatnashmaslikka va o‘z taklifini qaytarib olishga qaror qildi, chunki yangi shartlar kompaniya uchun moliyaviy jihatdan maqsadga muvofiq emas edi.

Netflix bayonotida aytilishicha, dastlabki kelishuv aksiyadorlar uchun qiymat yaratishi va regulyatorlar tomonidan ma’qullanishi uchun aniq yo‘lga ega edi. Biroq Paramount taklifiga tenglashadigan narxda bitim endi moliyaviy jihatdan foydali emas deb topilgan. Shu bois kompaniya shunga o‘xshash summani taklif qilishdan voz kechgan.
Endilikda Warner Bros.’ning eng yirik aktivlari aynan Paramount Pictures qo‘liga o‘tishi mumkin. Ammo bu faqat kompaniya o‘z taklifini qaytarib olmasa va bitim AQSh Federal Savdo Komissiyasi tomonidan rad etilmasa amalga oshadi.

