Amerikalik qo‘shiqchi va aktrisa Mayli Sayrus 15 yil ichida ilk bor Hanna Montana obrazida ko‘rindi. U mashhur “Hanna Montana” serialining 20 yilligiga bag‘ishlangan maxsus epizod treylerida paydo bo‘ldi. Premyera 24-mart kuni Disney telekanalida bo‘lib o‘tadi.

Maxsus epizod studiyada jonli tomoshabinlar oldida suratga olingan — bunday uslub ilk sitkom seriallarida qo‘llanilgan. Epizod asosan Sayrus bilan eksklyuziv intervyudan iborat bo‘ladi. Uni Aleks Kuper olib boradi. Shuningdek, tomoshabinlar ilgari e’lon qilinmagan arxiv kadrlarini va mashhur serial dekoratsiyalarining qayta tiklangan ko‘rinishlarini ham ko‘rishlari mumkin.
Avvalroq Mayli Sayrus shunday degan edi:
“Hanna Montana har doim mening bir qismim bo‘lib qoladi. Oddiy teleko‘rsatuv sifatida boshlangan loyiha mening va ko‘plab muxlislarimning hayotini o‘zgartirgan umumiy tajribaga aylandi. Bu bog‘liqlik uchun men har doim minnatdorman. Serial shuncha yil o‘tib ham odamlar uchun muhim bo‘lib qolayotgani meni juda faxrlantiradi.”

Uning aytishicha, maxsus epizod serialning 20 yilligini nishonlash va shu yillar davomida uni qo‘llab-quvvatlagan muxlislarga minnatdorchilik bildirishning bir usuli bo‘ladi.
Sayrus yubiley epizodida ijrochi prodyuser sifatida ham ishlagan. U bu loyihada Aleks Kuper, Mett Kaplan va Tish Sayrus Persell bilan birga hamkorlik qilgan.
“Hanna Montana” seriali Disney telekanalida 2006–2011-yillarda namoyish etilgan. U ikki xil hayot kechiradigan qiz — oddiy maktab o‘quvchisi Mayli Styuart va butun dunyoga mashhur pop yulduzi haqidagi hikoyani so‘zlab beradi.

