Deadline nashrining xabar berishicha, “Kalmar o‘yini” seriali yaratuvchisi Xvan Don-hyok allaqachon Netflix uchun yangi serial ustida ish olib bormoqda. Loyiha “The Dealer” deb nomlanadi va u kriminal drama janrida bo‘ladi.

Serial voqealari Gyonhva ismli iste’dodli kazino dileri atrofida kechadi. Uning to‘yga oid rejalari kutilmaganda barbod bo‘ladi va u turmush qurish hamda odatiy hayotiga qaytish uchun o‘zida uzoq vaqt yashirib kelgan qobiliyatlarini namoyon etishga majbur bo‘ladi. Shu yo‘l bilan u qimor o‘yinlarining xavfli olamiga sho‘ng‘iydi.
Serialda Chon So Min Gyonhva rolini ijro etadi. Shuningdek, loyihada Ryu Sung Bom, Li Su Hyok va Ryu Gyon Su ham suratga tushadi. Hozircha “The Dealer” serialining premyera sanasi e’lon qilinmagan. Suratga olish ishlari qachon boshlanishi ham noma’lum.

