Amerikalik aktyor va musiqachi Jeyden Smit o‘zining navbatdagi ijtimoiy loyihasi — to‘lov majburiy bo‘lmagan restoranini ishga tushirdi. Restoran tamoyili juda sodda:
“Kim to‘lay olsa — to‘laydi, kimning imkoniyati bo‘lmasa — bepul ovqat oladi.”

Bu tashabbus Jeydenning avvalgi xayriya loyihalari, jumladan, ehtiyojmandlarga bepul taom tarqatadigan “I Love You” furgonlarining davomidir. U restoran orqali jamiyatda mehr, birdamlik va o‘zaro yordamni kuchaytirishni maqsad qilgan.
Menyu asosan sog‘lom va o‘simlik mahsulotlariga asoslangan taomlardan iborat bo‘lib, loyiha nafaqat ijtimoiy, balki ekologik ahamiyatga ham ega.

Mutaxassislar bunday tashabbusni kambag‘allikka qarshi kurashda samarali qadam va ijtimoiy ongni oshirishga xizmat qiluvchi yorqin misol sifatida baholamoqda.
Ma’lumot o‘rnida, 1998-yil 8-iyul kuni tug‘ilgan Jeyden Smit bugungi kunda nafaqat aktyorlik, balki musiqa, moda va ijtimoiy loyihalardagi faoliyati bilan ham tanilgan yosh ijodkorlardan biridir. 27 yoshga kirgan Jeyden bolalik chog‘idanoq mashhurlikka erishdi — u ilk bor ekranga otasi Uil Smit bilan birga “Baxt izidan” filmida rol o‘ynagan.

Jeydenning iste’dodi faqat kino bilan cheklanmaydi. U musiqada ham faol bo‘lib, “Syre” nomli albomi unga global tanilish olib keldi. Reperlik yo‘nalishidagi eksperimental uslubi yoshlar orasida ommalashgan.

