Italiya qahva qo‘llanmasi – Italiyaga sayohatingizda juda asqotadi!
Italiyada qahva ichmoqchisiz-u, lekin qaysi qahvani qachon tanlash kerakligini bilmayapsizmi? Atrofingiz qahva bilan to‘lib-toshgan, italiyancha qahva nomlari sizni o‘ylantirishi, o‘zingizga mos bo‘lgan qahvani tanlash ba’zida qiyin bo‘lishi mumkin. Keling, birgalikda Italiya bo‘ylab sayohatga chiqqanimizda qaysi qahvani kunning qaysi qismida ichishimiz va qanday buyurtma berishimiz mumkinligini o‘rganamiz.
Italiya va qahva

Italiya degani — pizza, muzqaymoq, tiramisu, makaron, vino va albatta qahva degani!
Qahvani italyanlar o‘ylab topmagan bo‘lishsa-da, ular uni juda yaxshi tarzda targ‘ib qilib, butun dunyoga tanitishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu yurtda qahva juda muhim o‘rin tutadi va Italiya qahva madaniyatida haqiqiy bir yo‘lko‘rsatkich ya’ni qo‘llanma hisoblanadi. Italiya — qahvasi bilan boshqa qahva sevuvchi davlatlar bilan tenglashadigan davlatlardan biri va italyanlar kun davomida turli vaqtlarda qahva ichishga katta ahamiyat berishadi.
Avval Italiyaga sayohat qilganlar albatta buni sezgan bo‘lishsa kerak. Odamlar qahvani o‘tirib ichishadi yoki qahvaxonaga kirib, tezda ichib chiqishadi. Ayniqsa, ovqatdan keyingi espresso zavqi bizdagi ovqatdan keyin mazza qilib choy ichishga o‘xshaydi.
Dunyoning to‘rt burchagiga qahvasi bilan mashhur bo‘lgan Italiyada qahva madaniyatini o‘rganish, Italiya sayohatimizda to‘g‘ri qahvalarni tanlab ichish va undan chinakam lazzatlanish uchun juda muhim masaladir. Espresso aynan shu yurtda tug‘ilgan va shu sababli bu yerda qahvani ichish ham unga buyurtma berish ham bizning madaniyatimizdan juda farq qiladi.
Italiyaning qahva madaniyati

Italiya qahva madaniyati – har daqiqada, har bitta burchagidan o‘rganiladigan madaniyat
Italiyaning qahva madaniyati kundalik hayotda yashab o‘rganiladi. Chunki bu yurtda ertalab, tushlikda va kechqurun alohida turdagi qahvalarni ichish an’anasi bor. Agar Italiya bo‘ylab sayohat qilayotganingizda ko‘chalarda “bar” deb yozilgan kichik do‘konlarni ko‘rsangiz, bilingki ular spirtli ichimliklar beriladigan barlar emas, balki kichik qahvaxonalar, ya’ni kafelardir. Bu qahvaxonalar odatda juda kichik bo‘ladi va eng ko‘pi bilan bir-ikkita o‘tiradigan joyi bor xolos.
Ichish uchun juda ham ko‘p qahva turlari bo‘lsa, tanlash biroz qiyin tuyulishi mumkin. Ammo Italiyada eng ko‘p iste’mol qilinadigan va o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan qahva turlarini bilib olsangiz, buyurtma berish unchalik ham murakkab emasligini tushunasiz.
Qaysi italyan qahvasi sizga mos?
Italiya sayohatida qahva ichmasdan qaytib bo‘lmaydi. Qaysi qahvani qachon ichish kerakligini va uni qanday buyurtma berishni oldindan bilib olish foydali bo‘ladi. “E baribir qahva-ku, nima farqi bor?” deb o‘ylasangiz, oldingizga mittigina bir espresso keltirishlari mumkin va “Bu nimasi endi?” deb hayron qolishingiz hech gap emas.
Espresso

“Endi ham o‘zimga kelolmayman qanday qilib kechgacha yuraman? Makaronni haddan ortiq yebman, endi harakatlanolmayapman. Juda ko‘p yurdik, ikki daqiqa dam olsak bo‘ladimi?” deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz, sizga espresso yordam beradi. Faqat 2-3 ho‘plashda tugaydigan va juda kichik stakanchaga quyiladigan bu suyuqlikning odamga bunchalik tez ta’sir qilishiga hayron qolasiz.
Agar sayyohlar ko‘p boradigan joylardan emas, balki mahalliy qahvaxonalarni tanlasangiz, italyanlarning do‘konga kirib espresso ichib, “ciao” deb yana yo‘liga tushib ketganini ko‘rasiz. Espresso ichish – Italiyada har qanday vaziyatda yordam beradigan qahva odatidir.
- Espresso juda tez tayyorlanadi. So‘zining ma’nosi ham “tez tayyorlangan” degani. Shuning uchun Italiya sayohatingizda bir daqiqada qahvasini ichib, yo‘lida davom etayotgan odamlarni ko‘p uchratasiz.
- Italiyada espresso buyurtma berayotganda, uning boshiga kofe so‘zini qo‘shsangiz yaxshi bo‘ladi. Chunki bu yerda qahvalarning nomi odatda kofesiz aytilmaydi.
- Yedingiz, to‘ydingiz, hisobni to‘lamoqchisiz. Ofitsiant kelib “Qahva istaysizmi?” deb so‘radi. Siz ham “Ha” dedingiz. Keltiriladigan qahva faqat espresso bo‘ladi. Boshqa variant yo‘q.
Kapuchino

“Italiyaga kelganimiz bilinib tursin, bir yaxshilab nonushta qilay, biroz ko‘proq narsa ichay, birdan tugab qolmasin,” deganlardanmisiz? Unda sizga Kapuchino tavsiya qilaman. Kapuchino ehtimol, O‘zbekistonda ham eng mashhur va eng “zamonaviy” Italiya qahvasidir. Uning tarkibida espresso, issiq sut va sut ko‘piklari bo‘ladi.
Italiyaning ba’zi qahvaxonalarida kapuchino kruassan yoki kichkina shirinliklar bilan birga tortiladi. Mamlakatning turli hududlarida kapuchino turlicha tayyorlanadi — ba’zida u deyarli faqat ko‘pikdan iborat bo‘lishi ham mumkin. Agar siz bu turdagi yumshoq, silliq ta’mli qahvalarni yoqtirsangiz, Italiya sayohatingizda kapuchinoni ko‘p ichishingiz aniq.
- Kapuchino – bu espresso singari tushlik yoki kechki ovqatdan keyin ichiladigan qahva emas. Uni asosan ertalab nonushta payti ichish odat tusiga kirgan. Kunning qolgan vaqtlarida kapuchino buyurtma berish unchalik ham odatiy holat emas.
Lungo

Espressoning “akasi” deb ta’riflasa bo‘ladigan lungo, ta’m jihatidan espressoga qaraganda yengilroq. Suti bo‘lgani uchun ichilishi ancha oson, odatda 3–4 ho‘plamlik bo‘lgan bu qahva ham espresso kabi ovqatlardan keyin ichiladi.
Italiya qahvalari orasida mashhur bo‘lgan lungo, xohishga ko‘ra suv qo‘shib tayyorlanishi ham mumkin. “Biroz kattaroq qahva ichay, bir xo‘plashda tugab qolmasin, lekin juda sutsiz ham bo‘lmasin,” deganlar uchun bu ideal tanlov hisoblanadi.
Ristretto

Mendan so‘rasangiz, eng mazali italyan qahvasi bu — ristretto. Achchiq ta’mli, ichganingizdan keyin butun Italiyani charchamasdan aylanib chiqadigan darajada kuchli qahva izlayotgan bo‘lsangiz — mana, siz izlagan qahva shu bo‘ladi.
Espressodan ham kuchliroq bo‘lgan ristretto, espresso kabi ovqatdan keyin va tez-tez, tik oyoqda ichiladigan qahvalardan biridir. Bu qahva — italyanlarning ham eng sevimli qahvasi hisoblanadi.
Amerikano

Amerikano Italiyada ko‘p iste’mol qilinadi. Ammo kuzatishlarimizga ko‘ra, italyanlarning yoqtirib ichadigan uchta qahvasi qatoriga kirmaydi.
Espresso asosida tayyorlanib, ichiga issiq suv qo‘shiladigan bu qahva, kuchli qahva ta’mini yoqtirmaydigan va yangicha lazzatlarni sinab ko‘rishga uncha ochiq bo‘lmaganlar uchun juda mos.
Freddo

Agar yozda Italiyani sayohat qilayotgan bo‘lsangiz, issiqdan toliqib, salqinlanishga ehtiyoj sezsangiz, ikki qushni bitta tosh bilan uradigan ichimlik sifatida freddoni tanlang.
Italyancha “freddo” – “sovuq” degani, shunday so‘zni ko‘rganingizda bilingki, qahvalar sovuq holda bo‘ladi. Italiyada tayyorlanadigan sovuq qahvalar esa ko‘pincha muzli latte yoki muzli moka shaklida bo‘ladi.
Latte Makiato

“Meni qahva bilan unchalik ishim yo‘q, lekin shu yerga kelganimizdan keyin ichmay ketmaylik, yengilroq biror narsa bormi?” deganlar bo‘lsa, suti ko‘proq bo‘lib, ichida juda oz miqdorda espresso bo‘lgan latte makiatoni sinab ko‘rishlari mumkin.
Korretto

Turli xil taʼmlarni sinab ko‘rmoqchi bo‘lganlar va qahvada ozroq spirtli ichimlik bo‘lishini yoqtiradiganlar korrettoni sinab ko‘rishlari mumkin. Ichiga sambuka yoki brendi likyori qo‘shilib tayyorlanadigan bu qahva ham Italiyada yoqimli va mashhur qahvalardan biri sanaladi.
Italiyada Qahva Buyurtma Qilishda Eʼtibor Qilish Kerak Bo‘lganlar
♦ Nomi “bar” bilan tugaydigan joylar Italiyada qahvaxona degani. Bizdagi tushunchadagi “bar” emasligini boshidan aytib qo‘yaylik 🙂
♦ Nima ichishni hal qilolmay qoldingiz yoki hayolingizdan cho‘chib, buyurtma bermadingiz. Shu paytda faqat “kofe” deb aytsangiz, sizga avtomatik tarzda espresso keladi.
♦ Agar buyurtmangizni italyan tilida berishni istasangiz, “caffè per favore” deb aytish kifoya. To‘g‘ri eshitdingiz — unda ham espresso keladi.
♦ O‘zbekistonda “latte” qahva nomi sifatida ishlatiladi, ammo Italiyada “latte” — sut degan maʼnoni anglatadi. Faqat “latte” deb buyurtma bersangiz, sizga faqat sut beriladi. Shuning uchun buyurtmangizga har doim “kofe” so‘zini qo‘shing, masalan “kofe latte” kabi…

♦ Italiyadagi qahvalarning asosi espresso bo‘lib, shuning uchun Italiya qahvalari juda ham mazali hisoblanadi. U achchiq ta’mga ega bo‘lgani uchun ko‘pincha shakar bilan birga taqdim etiladi.♦ Agar Italiyada qahva buyurtma qilmoqchi bo‘lsangiz, “take away” ya’ni “olib ketish” tizimi bilan buyurtma bersangiz, kamroq to‘laysiz. Kafeda o‘tirib ichsangiz buyurtmangizga xizmat haqqi ham qo‘shiladi. Olib ketmoqchi bo‘lsangiz avval pulini to‘lab chek olib, so‘ng qahvani olasiz.♦ Olib ketishda qahvalar ko‘pincha sopol yoki shisha stakanda berilsa ham karton stakanda xizmat qiladigan ko‘plab kafelar ham bor.♦ Qiziqqanlar uchun ma’lumot: Italiya tarixida birinchi marta Milan shahrida “Starbucks“ ochiladi.