Mashhur “G‘alati narsalar” seriali atrofida yangi bahs-munozara avj oldi. Muxlislar serial ssenariy mualliflarini ijod jarayonida sun’iy intellektdan, xususan ChatGPT’dan foydalanganlikda ayblamoqda. Bunga sabab yakuniy mavsum suratga olinishi haqida hikoya qiluvchi “So‘nggi sarguzasht” hujjatli filmida paydo bo‘lgan bir kadr bo‘ldi.

Filmning sahna orti lavhalaridan birida ssenaristlardan birining noutbuk ekranida ochiq turgan oynalar orasida ChatGPT interfeysi ham ko‘rinib qolgan. Aynan shu lahza ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi va muxlislar ijodiy jarayonning shaffofligiga shubha bilan qaray boshlashdi.

Shubhalarni kuchaytirgan yana bir omil — aka-uka Dafferlarning yakuniy mavsum suratga olish ishlari to‘liq tayyor ssenariysiz boshlanganini tan olganidir. Bu holat ayrim muxlislar tomonidan sun’iy intellekt yordamida syujet va dialoglar ishlab chiqilgan bo‘lishi mumkinligiga ishora sifatida qabul qilindi.
Ayni paytda Netflix va serial ijodkorlari ushbu ayblovlarga munosabat bildirmadi. Bu sukut muxlislar tomonidan turlicha talqin qilinmoqda. Bahs markazida esa asosiy savol turibdi: zamonaviy texnologiyalar ijodga yordamchi bo‘lib qoladimi yoki uni asta-sekin almashtira boshlaydimi?

