“Oskar–2026” uchun “Eng yaxshi animatsion film” nominatsiyasiga bir necha yirik va turlicha loyihalar nomzod bo‘ldi. Bu yo‘nalish har yili kino sanoati va muxlislar e’tiborini jalb etadi, chunki animatsiya nafaqat bolalar uchun, balki kattalar auditoriyasi uchun ham chuqur mavzularni yoritadi.
Rasmiy ravishda 2026-yilgi animatsion filmlar nomzodlari quyidagilar:
“Key-pop jin ovchilari”
Bu animatsion film tashqi tomondan mashhur K-pop guruh haqida hikoya qilgandek ko‘rinsa-da, aslida ular yashirincha yovuz ruhlar va jinlarga qarshi kurashuvchi ovchilar hisoblanadi. Sahna ortida qahramonlar musiqiy shon-shuhrat va insoniyatni himoya qilish o‘rtasida murakkab tanlovlarga duch kelishadi.Ko‘plab prognozchilarga ko‘ra, aynan shu film “Oskar” uchun eng kuchli nomzod bo‘lishi mumkin.

“Hayvonlar shahri – 2”
“Hayvonlar shahri” ilk qism orqali muxlislarga chuqur ijtimoiy mavzularni multfilm shaklida yetkazgan edi. Ikkinchi qism ham shu yo‘nalishni davom ettirib, Disney tarixidagi eng ko‘p tomosha qilingan animatsion loyihalardan biri bo‘ldi. Judi Xopps va Nik Uayld jamiyatdagi yangi xavf va murakkab ijtimoiy masalalarni hal qilish uchun yana birlashadi. Davom film do‘stlik, ishonch va tenglik mavzularini yanada chuqurlashtiradi. Shuning uchun ko‘plab tahlilchilar bu qism ham “Oskar” olishi mumkinligini aytishmoqda.

“Arko”
Fransuz animatsiyasining kuchli vakili bo‘lgan “Arko” ham “Oskar” nominatsiyasiga qo‘yildi. Bu film inson va texnologiya, tabiat va kelajak o‘rtasidagi muvozanat haqida hikoya qiladi. Asar hissiy chuqurligi va falsafiy savollari bilan ajralib turadi, tomoshabinni kelajak haqidagi mulohazalarga chorlaydi. Aktrisa Natali Portman bu loyihani hatto o‘z farzandlari bilan muhokama qilganini aytgan, filmdagi mavzular juda chuqur va ijtimoiy ahamiyatli ekanini ta’kidlagan.

“Kichik Ameli”
Bu animatsion film kichkina Ameli ismli qizchaning bolalik dunyosini hikoya qiladi. U Yaponiyada ulg‘ayadi va atrofdagi tabiat, yomg‘ir, suv, tovushlar hamda mayda kundalik hodisalarni o‘zicha kashf etadi. Film tashqi voqealardan ko‘ra, qahramonning ichki hissiyotlari, hayratlari va dunyoni anglash jarayoniga ko‘proq e’tibor qaratadi.

“Elio”
Pixar tomonidan yaratilgan “Elio” ham nomzodlar qatorida. Tasodifan koinot vakillari tomonidan Yer elchisi deb tan olingan oddiy bola haqida. U o‘zini begona his qilgan holda kosmosga tushib qoladi va shu jarayonda o‘ziga ishonch, do‘stlik va o‘zini anglash kabi muhim saboqlarni o‘rganadi. Bu animatsion film o‘ziga xos vizual uslubga ega, kosmik sarguzasht va qahramonning ichki o‘sishi haqida hikoya qiladi.

Tanqidchilar fikri: kim g‘alaba qozonadi?
Kinotanqidchilar va prognozchilar orasida bu to‘rt film o‘rtasida qizg‘in bahs bor:
“Key-pop jin ovchilari” — eng ommabop va madaniy fenomen sifatida favorit deya qaralmoqda.
“Hayvonlar shahri – 2” esa Disney nomidan kuchli raqobatchi bo‘lib, keng tomoshabin auditoriyasiga ega.
“Arko” — ijtimoiy mazmuni va nazariy jihatdan chuqur tahlil qilinganligi sababli nomzodlar ro‘yxatida mustahkam o‘rin olgan.
“Elio” va “Kichik Ameli” ham mutaxassislar e’tiborida, lekin umumiy raqobatda biroz orqada qolishi mumkin.
98-chi “Oskar” marosimi 2026-yil 15-martda Los Anjelesdagi “Dolbi” teatrida bo‘lib o‘tadi va YouTube platformasi orqali butun dunyo bo‘yicha translyatsiya qilinadi.

