Forbes har yili e’lon qiladigan Gollivudning eng ko‘p haq oladigan aktyorlari ro‘yxatini chiqardi. Unda ba’zi yulduzlar bir necha yildan beri qatnashib kelayotgan bo‘lsa, Milli Bobbi Braun bu reytingga ilk bor kirdi va shu bilan birga ro‘yxatdagi eng yosh aktrisa bo‘ldi.

Atigi 22 yoshida “G‘alati narsalar” seriali yulduzi 2025-yilda Gollivudning eng ko‘p haq olgan aktyorlar Top-10 ro‘yxatiga kirdi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, u so‘nggi bir yil ichida taxminan 26 million dollar daromad qilgan.
Ma’lum qilinishicha, bunday natija aktrisaning bir nechta yirik loyihalarda qatnashgani bilan bog‘liq. “G‘alati narsalar” serialining final mavsumi hamda Netflix bilan bog‘liq boshqa mashhur loyihalardan so‘ng Milli kino sanoatining eng yorqin yosh yulduzlaridan biri sifatida o‘z o‘rnini mustahkamladi. Yaqin kutilayotgan premyeralari orasida “Enola Holmes 3” filmi, “Just Imagine” nomli romantik komediya va “Perfect” nomli sport biografik filmi bor.
Kasbiy faoliyatidan tashqari, aktrisaning oilaviy hayotida ham o‘zgarishlar bo‘lgan: 2024-yilda u Jayk Bonjoviga turmushga chiqqan. 2025-yil yozida esa ular qiz farzandni asrab olish orqali ota-ona bo‘lishdi.
Reytingda birinchi o‘rinni 48 million dollar daromad bilan Adam Sandler egalladi. Ikkinchi o‘rinda Tom Kruz (birinchilikdan atigi 2 million dollar kam), uchinchi o‘rinda esa 44 million dollar bilan Mark Uolberg joy oldi. To‘rtinchi o‘rinni 43 million dollar daromad bilan Skarlett Yohansson egallagan.

